Bilmayman

Har oyda hech bo'lmasa bir marta so'rab turiladigan „dasturchi bo'lmoqchiman nima qilay?", „dasturchi bo'lishim uchun nima yeyishim kerak?" qabilidagi savollarga javob berolmay qiynalib turganimda, to'satdan aynan shu savollar muallifidan men javobini biladigan savol kelib tushdi „nima uchun savollarimga javob bermaysiz?". Rostdan ham nimaga javob bermayman? Sababi haqiqatdan ham javobini bilmayman, siz bu sohaga qanaqa qiziqib qolganingiz-u, nima uchun aynan shu sohani tanlayotganingiz haqida ma'lumotga ega emasman.

Bilmayman, har haftada 50–60 soat vaqtingizni monitor qarshisida, hozircha o'zingizga notanish bo'lgan dasturlash tillaridan birida kod yozib o'tkazishga tayyormisiz?

Bilmayman, bu sohaga kirgach, kelajakda oldingizga qo'yilgan biror vazifa ustida haftalab, oylab balki yillab bosh qotirishga to'g'ri kelishini va bu holat har doim ham yechim topilishi bilan tugamasligi mumkinligini bilasizmi?

Bilmayman, balki biror sohani egallab ulgurgandirsiz, balki ishlarsiz ham, balki ish kuningizni yarmidan ko'pini atrofdagilar bilan muloqotda o'tkazarsiz va bunga o'rganib qolgandirsiz, dasturlash sohasida bundayin muloqotlarga har doim ham vaqt ajrata olmasligingiz mumkinligidan xabardormisiz?

Bilmayman, kelajakda anchagina vaqtingizni sarflab biror texnologiyani o'rganasiz-u, lekin bir kundan keyin butunlay yangisini o'ylab topishadi, shunday holatda bariga qo'lingizni siltab ketib yubormaysizmi, deyarli har kun o'z ustingizda ishlashga tayyormisiz?

Bilmayman, kelajakda biror suhbatdoshingiz qaysi soha vakili ekanligingizni so'raganida: "Dasturchiman" deysiz-u, lekin suhbatdoshingizdan qaytgan: „Windows o'rnatishni bilasizmi?" qabilidagi savolni yuragingiz ko'tara oladimi?

Bilmayman, qachondir yuqoridagi suhbatdoshingizning qandaydir tanishi qaysi soha vakili ekanligingizni so'raydi-yu, avvalgi holatlarni inobatga olib, oddiygina javob qilish maqsadida: „Ishim kompyuter bilan bog'liq" deysiz, lekin undan keyingi: „Aaa, Paynetda ishlaysizmi?", degan savolga odob doirasidan iloji booricha chiqmay javob qaytara olasizmi?

Bilmayman, barcha turdagi elektron qurilmalar haqida ma'lumotlarni miyangizga sig'dirib va qo'shimchasiga, ularning barchasini tuzatishni o'rgana olasizmi? Chunki atrofdagilarni sizning qaysi dasturlash tilida qanaqa dastur yoza olishingiz zarracha qiziqtirmaydi, ular „dasturchi"ni o'zlaricha tushinishadi, ular uchun siz bir vaqtda usta, sayt yaratuvchi, har qanday masofadan turib elektron qurilmalar holatini tekshirib bera oluvchi ekstrasens, axborot texnologiyalari sohasiga qaysidir tomondan tegib o'tgan barcha narsa haqida batafsil ma'lumot bera oladigan jonli "wikipedia"siz

Xullas, javobim shu, bilmayman.

Manba:


JONNY

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript.


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!