Ilk startap kam byudjetli bo‘lishi kerak

Chet el bloglaridan birida qiziqarli maqolaga ko'zim tushdi: aytilishicha ilk bor startapni million dollarlik xarajat bilan emas, 1000 dollar bilan boshlash kifoya deyilgan. Buning o'ziga xos sabablari esa quyida keltirilgan. Fikrimcha, ushbu maqola Uznet olamidagi bo'lajak biznesmenlarga asqotadi.

Ko'pchilik startapchilarning hayolida bir necha millionli kompaniya qo'rg'oshindek o'rnashib olgan. Kim ham keyingi Stiv Jobs yoki Mark Sukerberg bo'lib tanilishni xohlamaydi, dersiz? Qolaversa, Google, Apple va Facebook kabi ulkan kompaniyalarning mashhurligi va quyosh kabi charaqlashi bu sohadagi yangi insonlarining ko'zini qamashtirib qo'yadi. Shu joyida oddiy xulosa keladi — startapingiz virusdek yoyilib ketsa bas — pullar sizga osmondan o'zi yog'iladi (ayni paytda u 1 chaqa keltirmagan bo'lsa ham).

Qancha hayol qilib o'tirmang — haqqoniy million dollarlar sizni qidirib kelmaydi. Ishni milliard dollarlik startapni qurishga intilishdan boshlaganingiz — sizning eng katta xatoingiz!

Geri Chou (Gary Chou), Nyu-Yorkdagi School of Visual Arts o'qituvchisi tinglovchilarga startap ochishda pulni haskash bilan yig'ib olishni orzu qilishdan ko'ra boshqa tayinliroq maqsad qo'yishni taklif qiladi. Uning qoidasi juda oddiy: "Kuchingizni va vaqtingizni milliardli kompaniya qurishdek yengil hayolga sarflamang. Yaxshisi budjeti ming dollar bo'lgan, kam bo'lsada doimiy daromad keltiradigan biznesdan boshlang".

Ming "ko'kili" kompaniya bilan ishni boshlashingiz sizga keyinchalik undan ham katta daromadli va byudjetli kompaniyani qurish uchun asqotadigan bir qancha foydali xulosalar chiqarishga yordam beradi.

1. Asosiysi yashashingiz uchun pul ishlab topishga qodirsiz

Uncha katta bo'lmagan pulni sarflablab oladigan daromadingiz orqali tushunasizki, sizga yashashga, to'laqonli ijod qilishga va g'oyalaringizni moliyalashtirishga to'siq bo'ladigan korporativ kun tartibi va ofis ishlari ortiq halaqit berolmaydi. Siz ERKINbo'lasiz. Agar rostan startap ochmoqchi bo'lsangiz, hozir bu yo'lda ildam qadam tashlab mustaqil harakatlanishning ayni vaqti. Hech qanaqa amaki yoki xolalar siz haqingizda qayg'urishmaydi — o'zingiz o'zingizga g'amxo'rlik qiladigan payt keldi.

O'z topgan pulingizga kvartira yoki boshqa to'lovlarni to'lay olishning o'zi — zo'r tuyg'u va foydali maslahat.

2. Shaxsiy biznesni yaratish nima ekanligini tushunasiz.

Startapni boshlashdan to ilk ming dollarni topishgacha ma'lum muddat o'tadi, siz bu vaqt ichida yaxshigina qiynalasiz va anchagina ter to'kasiz ham. Shu bilan birga pul topishning hamma sir-sinoatini:

a) narx shakllantirish belgilari — loyihangiz foydaliligi va qoplanishini;

b) kutilayotgan xatarni ko'ra bilish va oraliq maqsadlarni qo'ya olishni;

c) talab shakllanishini, ko'zlangan xaridorlar toifasi bilan ishlashni;

d) tayin natijaga xarj qilishni, birovning va o'zingizning pulingizni to'g'ri sarflashni;

e) tezkor boshqaruvni o'rganasiz.

Bularning barchasi qanaqadir million dollarni orzu qilishdan yaxshi emasmi?

Investordan million dollar olish — bu boshqa; uni aql bilan sarflab, hech bo'lmasa xarajatni qoplash — bu boshqa. Daxshatli sarmoya bilan ish boshlagan qaynoq startaplarning biz o'ylaganimizdan ko'prog'i tezda qulasharkan.

3. Ming dollarlik kompaniya siz o'ylagandan ham ko'ra omadliroq bo'lishi mumkin

Birdaniga ulkan tarixni qurish — bu osmonga qarab yulduz sanashdek gap. Oddiy g'oyalarni tadbiq qilish esa, ba'zida olamshumul natija berishi mumkin. Misol uchun mashhur startaplar investori va Y Combinator asoschisi Pol Grem ermak uchun yaratilgan "o'yinchoqlar" maxsus kesh-mashinalar uchun yaratilgan loyihalardan ko'ra ancha katta daromad keltirishi mumkin deb hisoblaydi.

Insonlar ulkan loyihalardan ko'ra sodda va foydali g'oyalar uchun pul to'lashga ko'proq moyil bo'lishadi. Startap tomonidan taklif etilayotgan g'oya yoki xizmat qancha sodda va universal bo'lsa — kutilayotgan bozor hajmi va ko'zlangan xaridorlar toifasi shuncha ko'p bo'ladi. Agar kelajakda moliyaviy muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsangiz — uncha katta bo'lmagan va kelajakda o'sadigan biror narsa yarating.

Ming pullik startapni qurishni nimadan boshlash kerak?

Kichik startapni qurish uchun ham katta kalla kerak:

— Taklif qilmoqchi bo'lgan xizmatingizning foydaliligiga bevosita e'tibor qarating. Kompaniyachalarda bu borada ustunlik bor. Qandaydir mavhum insonlardan ko'ra bittagina foydalanuvchiga moslashib, aynan unga kerakli yechimni topib bersa ham bo'ladi. Buning uchun jon deb pul to'lashadi.

— Mahsulot tayyor bo'lishidan avval loyihani soting. Ilk ming dollarni topish uchun loyihani imkon boricha tezkor moliyalashtirish kerak. Kerak bo'lsa, beta-versiyadaligidayoq. Masalan, virtual assistent xizmatini yo'lga qo'yishda u hali Google Docs'dagi forma va jadvallar ko'rinishida yoki oddiy sayt holatida bo'lgandayoq sotishning imkoni topiladi. Pullik xizmatni yo'lga qo'yishdan avval, tinimsiz dizayn va mahsulotni "tozalab" chiqmasdanoq xizmatni moliyalashtirish muhim.

— Boshdanoq minimal xarajat qilishni boshlang. Eng maqbul xarajatlar va narxni belgilash bo'yicha tinimsiz muzokaralar — shunchaki "Pismiqlar" uchun niqob, xolos. Bu muhim emas, muhimi insonlar aynan nima uchun sizga ishning boshidanoq to'lashga tayyorliklari. Aynan mana shu ustunlikni topib, o'shani sotish kerak.

Ishning boshidanoq startapingizda pulni kam sarf qilish rejasi bo'lishi joiz. Boshlanishidanoq siz ko'p pul topolmaysiz, ammo eng kerakli xarajatlar uchun pulingiz bo'lishi shart. Loyihangiz millionlikmas, ming dollarlikligidan uyalmang. Fil bo'lib jarga qulagandan ko'ra, qaldirg'och bo'lib parvoz qilish doim yaxshiroq.

P.S. Maqola AQSh mutaxassislari tomonidan yozilganligi uchun ham undagi pul birligi dollarda keltirilgan. Bizdagi yashash muhitini hisobga olib, ming dollarni 2-3 milliondek qabul qilsa ham bo'ladi. Umuman olganda, eng asosiysi — hammasiga kinolardagidek birdaniga emas, sekin-sekin erishishga ko'niking. Tayyormisiz?!Unda birinchi million sari olg'a!

Manba:


JONNY

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript.


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!