Internetdagi firibgarlik va qalobliklar

Texnologiyalar rivojlanmoqda, internet kengaymoqda, foydalanuvchilar esa kundan kun ortmoqda, bunday zamonda uydan turib ham yaxshigina pul ishlab topish mumkin. Hozirgi davr interneti sizga aynan shu haqida darak berishga urinadi.

Bugungi kunda uydan turib internet orqali xorijiy tashkilotlarda ishlash mumkin, reklama va turli xizmatlar ko'rsatish orqali daromad topish mumkin. Va ... odamlarni aldab pul ishlash ham mumkin.

Bizga xorij yangiliklaridan hakkerlar bankdagi millionlab pullarni o'marayotgani haqida xabar berishadi, lekin bizni hayolimzga kelmaydiki, ayrim uddaburonlar bankni o'marmasdan ham millionlarni topmoqda, faqat bizni o'marish orqali.

Quyida internetda hozirda keng tarqalgan firibgarlik va qallobliklar haqida qisqacha ma'lumot beramiz:

"Siz saytimizning millioninchi a'zosisiz!!!"


– bunday yolg'on xabarlar oldin juda ko'p uchrardi. Siz biror bir saytga kirsangiz saytning pastki yoki yuqori qismida kichik bir reklamaga o'xshagan oyna ochilib, sizga siz saytning millioninchi yoki milliardinchi a'zosi ekanligingiz va sizga mukofot borligini bildirishadi. Mukofotni olishingiz uchun esa siz butun boshli shaxsiy ma'lumotingizni (passport, uy va qo'l telefoni nomeri, yashash manzilingiz, ish joyingiz, F.I.O. va boshqa) kiritishingiz va ko'rsatilgan raqam bilan bog'lanishingiz yoki ko'rsatilgan pochtaga kirib aytilgan ishlarni bajarishingiz talab qilinadi. Lekin mukofot sizga bari bir berilmaydi!


"Siz pul yutdingiz, yutug'ingizni 3 kun ichida olib ketin!"


– bu hozirda eng ko'p tarqalgan firibgarlik turlaridan biridir. Ayrim qo'shtirnoq ichidagi "hakker"lar sizning elektron pochtangizga mavjud bo'lmagan pochta orqali elektron xabar yuboradi. U xabarda siz bir necha yuz rubl yoki dollardan bir necha ming hatto million dollar yutganingiz ham yozilgan bo'ladi. Pulni olish uchun sizdan faqat pochtangiz, internet hamyoningiz (webmoney, Qiwi, yandexdengi) ko'rsatilishi so'raladi. Ko'rsatganingizdan keyin esa sizga - pulni sizga o'tkazib berishlari uchun komissiya mavjud – ekanligini bildirishadi. Komissiyani esa siz ularga o'z hisobingizdan o'tkazib berishingiz kerak. Ya'ni, ular komissiya harajatini yutgan pulingizdan ushlab qolishmaydi, aksincha sizdan talab qilishadi. Siz pulni o'tkazishingiz bilan esa ... siz mukofot pulini olish uchun kirgan sahifangiz qayta ishga tushadi va sizdan qaytadan ma'lumotlaringizni kiritishgizni va komissiya pulini qaytadan to'lab berishingizni so'rashadi. Qancha pul to'lamang, siz mukofot pulini olmaysiz.

Qalloblar atayin oddiy foydalanuvchilarni ishontirish uchun pastga turli odamlarning ijobiy gohida esa reallik uchun salbiy fiklarini ham qo'shib qo'yishadi.

Sizni qanday ishontirishga urinishadi?

1. Sizga qaysidur a'zo bo'lgan saytingiz sizga aktivligingiz uchun mukofot puli bermoqchiligini aytishadi.

2. Siz ko'p reklama ko'rganingiz uchun o'zingiz bilmagan holda pul ishlab topganingizni aytishadi.

3. Sizga turli so'rovlarda qatnashishni tavsiya qilishadi va bu so'rovlarni yirik kompaniyalar o'tkazayotgani va ular uchun millionlar hech nima emas ekanligini bildirishadi.

4. Sizning pochtangiz millionlar ichida tanlab olinganini va pul yutug'i borligini bildirishadi va b.

Qalloblikni aniqlash yo'llari:

  • 1.Eng sodda yo'li e-xat kelgan pochtaga qarang. Agarda u tushunarsiz va "be'o'xshov" bo'lsa ochib ham o'tirmang. Xat kelgan e-adresning oxiri biz o'rgangandek bo'lmaydi (oxirida mail.ru, google.com, yandex.ru yoki shu kabi ishonchli pochta manzillari bo'lmaydi)
  • 2.Xabarning yozilish tartibi, tuzilishiga e'tibor bering. Ko'pincha xabar qisqa va sodda bo'ladi. Harflari normadan katta qilib yozilgan va turli ranglar berilgan bo'ladi.
  • 3.Sizga e-xat yuborilgan pochtaga javob xati yuboring, javob xatiga biror nima yozish shart emas, "salom" deb yozib yuborsangiz ham bo'ladi. Xat ketishi bilan bir necha daqiqa ichida elektron pochta xizmati (mail.ru, google.com va b.) sizga siz e-xat yuborgan pochta mavjud emasligini bildiruvchi xat yuboradi.

"Facebook va Instagrammdagi "Like bos" aksiyasi"

hozirgi kunda juda ko'p tarqalgan va tarqalishda davom etayotgan firibgarlik yoki ustamonlikdir. To'g'ri, bunday aksiyalarda qatnashish sizdan biror bir moliyaviy harajat talab qilmaydi, lekin siz o'zingiz yoqtirmagan narsaga a'zo bo'lishingiz va do'stlaringiz haqida ma'lumot berishingiz kerak bo'ladi. O'ylashimcha hamma allaqachon bunday aksiyalar bilan tanish:

-"Diqqat aksiya, yutuqqa iPhone Xs. Aksiya sharti juda oson, sahifamizga a'zo bo'l, shu postga "like" bos, uni sahifangda ulash, izohga bizning kompaniyani yaxshi ko'rishingni yoz va 3 ta do'stingni ko'rsat (kamida!) va evaziga biz bir dona iPhone Xs ni bizga a'zo bo'lib, "like" bosgan 10 mingdan ziyod odamlar ichidan istaganimizga random.org, woobox.com yoki boshqa sayt orqali aniqlab biror bittasiga beramiz (balki umuman bermasmiz!)".

To'g'ri kimdur bu aksiyalar haqqoniyligini, hech qanday qalloblik yo'qligini bildirar, lekin aytingchi, orangizda necha kishi shu kabi tanlovlarda g'olib bo'lgan?!

O'zingiz o'ylang, siz bir kompaniyaga ijtimoiy sahifasini to'ldirib berishda ko'mak beryapsiz, mutlaqo tekinga, lekin buni hisobiga esa hech nima olmayapsiz! Yutgan odam yutug'ini olganmi yo'qmi, o'zi yutuq bormi yo'qmi – bu noma'lumligicha qoladi!

Hamma kompaniya ham "qalloblik qiladi, odam yig'ib olib mukofotini hech kimga bermaydi" – demoqchi emasman. Lekin bunday aksiyalarga ishonch juda kam! O'zingiz o'ylang, yutuq bitta, da'vogarlar esa kamida 2 ming kishini tashkil etadi.


Ba'zi bir kompaniyalar esa shu darajada past ketadiki, bir gina bahosi 100 ming so'm bo'lgan powerbank yoki soat uchun sizdan ham Facebookdagi, ham Telegramdagi, ham Instagramdagi sahifalariga a'zo bo'lishni, shu postni ulashishni, uning tagiga "like" bosishni qo'shimchasiga kamida 10 ta do'stingizni izohlarda ko'rsatishingizni talab qilishadi!

"Sarmoyasiz ish, +++ yoz" – bu ham hozirda Facebook va Instagramda juda keng tarqagan firibgarlik yo'llaridan biri. Oddiy bir facebook yoki instagram foydalanuvchisi sizga ish taklif qiladi: "Sarmoyasiz ish, istalgan vaqtda ishlash mumkin, atiga bir oy ichida katta daromadga ega bo'lish, xorij safarlariga borish mumkin. Bu ish dekretdagi ayollar, studentlar, nafaqadagi qariyalar va bekorchi bo'lgan barcha uchun. Masofadan turib ishlash imkoni. Izohga + yozib qo'y, o'zim aloqaga chiqaman".

Buni ham firibgarlik deyish mumkin. Nega? Javobi oddiy: sizdan hech qanday sarmoya talab qilinmaydi degani bilan siz yo biror bir kosmetikani sotib olishingiz yoki biror bir joyga mablag' kiritishingiz talab qilinadi. Yoki siz ham shu kabi postlarni tarqatib, o'sha kompaniya mahsulotlarini sotib oladigan odamlarni qidirishingiz kerak bo'ladi. Boshqacha qilib aytganda asabni buzadigan "internet marketing"!

"Sarmoya kirit va uch oy ichida Stiv Jobsdek boyib ket" - ha, ha, ha... bu ham Facebook da keng tarqalgan reklamalardan biri. Faqat bu gal reklama beruvchilar Rossiyada yashovchilar. Siz bu reklamaga bosganingizda ismingiz, e-pochtangiz va telefon raqamizni kiritish so'raladi. Kiritganingizdan keyin esa 2-3 kun ichida sizga Rossiya telefon nomeridan qo'ng'iroq qilishadi va siz kimligingiz, yoshingiz, qayerda ishlashingiz, bu ilovaga bosib to'g'ri qaror qilganingiz va kompaniya turiga qarab biror bir innovatsion mahsulot yoki BitCoin larga pul tikishingiz tavsiya qilinadi.

- "Agarda siz hozir 1000$ sarmoya kiritsangiz bir yilda bu sizga 30000$ bo'lib qaytib keladi!" yoki shu kabi reklamalar haqida gapirishadi. Agarda "pulim yo'q" desangiz sarmoya hajmi 500$ ga tushadi, agar u ham yo'q desangiz sizdan 300$ tikish so'raladi, agar u ham yo'q desangiz 100$ ga ham boyib ketishingiz va'da qilinadi, agar u ham yo'q desangiz 50$ ga yaxshigina pul ishlab olishingiz mumkinligi bildiriladi. Agar umuman pulim yo'q desangiz esa sizga kimdarur qarz olib turishingizni ham maslahat berishadi!

Sodda qilib aytganda, sizdan nimadur qilib bo'lsa ham pul olishga urunishadi!

Bu kabi internet firibgarlik va qallobliklar kundan kun ko'paymoqda va siz bilan aloqaga chiquvchi kompaniya vakillari esa kundan kunga ustamon va ayyor bo'lib borishmoqda. Ular qanday qilib bo'lsa ham sizni o'z sahifalariga a'zo qilish, siz orqali pul topish va biror bir boshqa maqsadda sizda foydalanishga urinishadi. Muhimi, ehtiyot bo'ling va virtual dunyoga deyarli ishonmang. Chunki, hatto real dunyoga ham ishonch yo'q!


Joker

Muallif haqida

Joker


Blogdagi so‘nggi maqolalar:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!