manba

Kelajak tadbirkorlari uchun universitet

Kelajak tadbirkorlari uchun universitet

Xabaringiz bor, yaqinda TEAM universitetiga oliy taʼlim muassasasi unvoni berildi (Vazirlar Mahkamasining 18-apreldagi 241-sonli qarori, hujjat bilan quyidagi manzilda tanishish mumkin: https://lex.uz/ru/pdfs/4793534).

Bu, albatta, biz uchun katta xursandchilikdir. Jamoamiz, xususan hamkorlarimizni barchangiz taniysiz. Ular: Zafar aka Hoshimov, 30 yildan uzoq tadbirkorlik tajribasiga ega boʻlgan akamiz, doʻstimizlar. Endi boʻlsa sherigimiz hisoblanadilar.

22 yillik qadrdon doʻstim - Muzaffar Kasimov, u bir tarafdan "HM Partner's"dagi asosiy sherigim.

Ulardan tashqari Timur Abduqayumov va Valentina Prokofyevalar. Ular "Batiskaf Konsalting" boshkaruvchi raxbarlari, mana bir necha yillardan buyon ushbu loyihaga loyiha boshqaruvchisi sifatida oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishmoqda. Endi boʻlsa TEAM Universitetining taʼsischisi nufuziga sazovor boʻlishdi.

Boshqa tarafdan esa loyihamizning ilmiy yoʻnalishi boʻyicha oʻzining beqiyos olimlik salohiyati, tajribasi bilan oʻzining qimmatli maslahatlarini ayamagan muhtaram olim Alan Frans loyihamiz rahbaridir.

Alan Frans - Buyuk Britaniya fuqarosi, Oʻzbekistonda deyarli 18 yildan beri yashab, ishlab kelmoqda, Vestminster Universitetining birinchi prorektori, Britaniya imperiyasi ordeni sohibi hamda ajoyib, samimiy inson. U endi TEAM universiteti Vasiylik Kengashining raisi hamdir.

Bizlar bilan yelkadosh boʻlgan yana bir maslakdoshimiz Alisher aka Hasanovdir. Ular ancha yillar mobaynida Vestminster universitetida Moliya boʻyicha prorektor lavozimida faoliyat olib borganlar. Alisher aka keyinchalik nufuzli xalkaro auditorlik kompaniyasida ham ishlagan. Hozir boʻlsa, TEAM universitetimizning rektor lavozimiga tayinlandilar.

Vaziyatni qarangki, loyihamiz tadbirkorlik gʻoyasini amalga oshirishning yaqqol koʻzgusi boʻldi. Dastlab yangi gʻoya tadbirkorning xayoliga oʻrnashadi, u gʻoyani amalga oshirish chora-tadbirlarini izlay boshlaydi, gʻoyasidan ulkan zavq olib ruhlanadi, ilhomlanadi hamda oʻzining jamoadoshlari va fikrdoshlarini izlay boshlaydi. Gʻoya muallifi uning muvaffaqiyatli amalga oshishiga ishonadi hamda atrofidagilarni ham ishontiradi. Navbatdagi bosqichda esa zarur boʻlgan ruxsatnomalar olinadi.

Bosib oʻtiladigan yoʻl qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, boshga tushadigan sinovlar optimizm, qatʼiyatli iroda bilan dadil qabul qilinadi. Natijada esa bildirilgan barcha fikr hamda mulohazalar, albatta loyiha foydasiga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda ilk bor Tadbirkorlik boʻyicha xususiy universitetiga asos solinishi, darhaqiqat ajoyib emasmi?!..

Darvoqe, bir nechta odamdan eshitgandim, 80-yillarning oxirida Oʻzbekistonda shunday tashabbuslar amalga oshirilgan ekan. Keyinchalik 90- yillarning boshida ham hatto baʼzi OTM taʼsis kilingan ekan, ammo afsuslar boʻlsinki, ular keyinchalik turli sabablarga koʻra yopilib ketgan. Toʻgʻri, mustaqillik davrimiz oson kechmadi. Bu bor gap. Taʼlim soxasida yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham boʻlganligidan yuz oʻgirib boʻlmaydi, bu ham fakt.

Uzoqka borib nima qilamiz, oʻzim ham abituriyent boʻlganman, universitetga kirish qiyinchiliklari boshimdan oʻtgan. Yaxshiyamki, ota-onamiz, uzoqni koʻrgan, hayot qiyinchiliklarini boshidan oʻtkazgan, biroq shularga qaramay ilmning qadr-qimmatiga jiddiy ahamiyat bergan insonlar emasmi, oliygohga kirishimdan bir yil avval matematika, ingliz tili kabi boshqa fanlar bilan jiddiy shugʻullanishimga alohida eʼtibor qaratib fanlar boʻyicha bilimimni oshirishga nisbatan barcha diqqat-eʼtiborimni jalb qilinishiga ancha ilgari eʼtibor qaratishgan.

11-sinfda oʻqib yurgan davrlarim qoʻshimcha mashgʻulotlarga muntazam qatnash, fanlardan boʻladigan oqshom darslari bilan oʻtgani hamon esimda. Oʻsha paytlar men Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi akademik litseyda aʼlochi boʻlib oʻqirdim. Xayolimda faqat "NARXOZ"ga kirsam ham katta gap" degan fikr aylanardi. Xalq orasida oʻsha payt NARXOZga tanish-bilishsiz kirish amri-maqol degan gap aylanardi.

Mening omadli jihatim, adamlar - "Oʻgʻlim, Diplomatiya universiteti ochilibdi. Omadingni oʻsha yerga kirib sinab koʻrmaysanmi?" – deb toʻgʻri yoʻnalish berganlaridadir. Hozir mening bosh maslahatgoʻyim otam sakson yoshdalar. Ilohim, umrlari uzoq boʻlsin!

Bir-ikki oy oldin ota-oʻgʻil oʻrtasida qiziq bir suhbat boʻldi. Profilaktik nazoratdan oʻtish uchun shifokor huzuriga bordik. Bir soatlar chamasi shifokorni kutib qolish arafasida ancha miriqib suhbatlashib oʻtirdik. Taʼkidlab oʻtishim kerakki, adamlar ziyolinamo fikr almashish doirasidagi muhokama jarayonini yaxshi koʻradilar. Xullasi kalom, muhokama mavzuimiz doirasida Trampni ham, Putinni ham, jahon iqtisodiy inqirozini ham gaplashdik, biz muhokama qilmagan mavzu qolmadi.

Adamlarning shunday odatlari bor: bir gapga tushib ketsalar, ayniqsa nabiralari davrasida dunyoda nechta mamlakat bor, tarixdagi eng mashhur prezidentlar, Ikkinchi Jahon urushining asoratlari, siyosat, iqtisodiyot borasidagi deyarli barcha mavzularda erinmaygina suhbat quradilar.

Haligi ota-bola oʻrtasidagi suhbatimizga qaytsak, gapga shunchalik berilib qizgʻin muhokama qildikki, adamlarning ozgina jahllari chiqqandek boʻldi:

- Oʻgʻlim, shu man bilan "sporlashaverasanmi"?!... Xoʻp, deyishniyam bilmaysan-a? Otangman, axir – dedilar hazilnamo.

- Ada, axir oʻzingiz "Diplomatiyaga oʻqishga kir" deb koʻndirgansiz. Koʻrib turganingizdek, bularning barchasi haftalik debatlar, siyosat, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar boʻyicha qilingan bahs-munozaralarning asorati. Shunday emasmi? Mana oʻzingiz yetishtirgan mevaning hosilini oʻzingiz olayapsiz, - dedim kulimsirab.

- Ha, oʻshanda tinchgina "Selxoz"ga oʻqishga topshirgin, deb maslahat bersam boʻlarkan-a... Man bilan bahslashmay, tinchgina jiiim oʻtirarding. Hech boʻlmasa, kartoshka, piyoz qanday yetishtirilishi kerakligi haqida sipogina boʻlib gapirib berarding, - dedilar yolgʻondan "achingan boʻlib".

Haholab naqd 15 daqiqa tinmay birgalikda kulibmiz oʻziyam... Xonaga kirib qolgan shifokor bizni koʻrib lol-u hayron...

Mana shunday gaplar.

Aytgandek, agar qarshi boʻlmasangiz, keyingi mavzularimizda taʼlim mavzusi boʻyicha fikr yuritamiz...

Navbatdagi xabarimiz esa Tadbirkorlik universiteti nimaligi xususida boʻladi.

Agar siz TEAM toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotga ega boʻlmoqchi boʻlsangiz, marhamat ushbu havolalar orqali tanishing.

Telegram kanalimizga havola: https://t.me/TEAMuniversityuz

Bizning Instagaram sahifamizga havola: https://www.instagram.com/teamuni_uz/

Bizning Facebook sahifamizga havola: https://www.facebook.com/teamuni.uz/

Bizning veb-saytimizga havola: http://teamuni.uz/

Manba:


JONNY - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

JONNY Arduino, Java, C#, Android, Windows, Linux, Debian, Javascript. O'zbekistonni rivojlantiramiz! Dasturlash orqali vatanimizni yangi marralarga olib chiqamiz.


Qiziq bo‘ladi:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!