yangi

Linuksni doimiy xotira qurilmasiga o‘rnatish uchun reja

Linuksni doimiy xotira qurilmasiga o‘rnatish uchun reja

Ushbu maqolada doimiy xotira qurilmasini (eng. hard disk drive (HDD); рус. жесткий диск) turli qismlarga (eng. partitions; рус. разделы) bo'lishga doir va Linuksni o'rnatishdan avval bilish zarur bo'lgan ba'zi tushunchalar yoritilgan Bu maqola Linuksni o'rnatish jarayonida doimiy xotira qurilmasini qaysi qismlarga ajratishni aniqlashga ham yordam beradi.

Qismlarga ajratish deganda nima tushuniladi?

Tasavvur qiling: siz ishlaydigan tashkilot yangi binoga ko'chib o'tyapti. Bu binoda ichki devorlari bo'lmagan bir donagina katta xona bo'lsin. Hamma xodimlar shu xonada ishlashlari kerak. Ushbu holatda birinchi uchraydigan masala, tashkilot rahbari xodimlardan alohida bo'lgan ofisda o'tirmoqchi va u xonada ichki devorlar qurib o'zini boshqalardan ajratib oldi. Keyin, har bir xodim boshqa xodimlardan alohida bo'lish uchun katta xonani kichikroq qismini o'ziga xonacha qilib oldi. Shunday qilib, bir dona katta xona kichik xonalarga, ya'ni, qismlarga ajratildi.

Doimiy xotira qurilmasi ham shu kabi ishlaydi. U ko'pincha alohida qismlarga ajratiladi va bu qismlarning har biri turli operatsion tizimlarga tegishli yoki turli fayl tizimlar hosil qilish uchun ajratilgan bo'lishi mumkin. Doimiy xotira qurilmasidagi "qismlarni" yuqorida keltirilgan misoldagi devorlarga aloqasi yo'q. Ular xotira qurilmasidagi alohida ajratilgan sohalarni anglatadi. Ba'zida "Linuks birinchi qismga o'rnatilgan" deymiz.

Fayl tizimi nima?

Kutubxonaga borib hech kitob qidirganmisiz? O'zingiz qidirayotgan kitobni topishingiz uchun siz kutubxonaning fayl tizimini, boshqacha aytganda kutubxona qanday tuzilganligini tushunishingiz zarur. Fantastika janridagi kitoblarni topish oson, ularda hammaga yaxshi ma'lum bo'lgan alfavit bo'yicha muallif nomiga asoslangan fayl tizimi qo'llaniladi. Boshqa janrdagi kitoblarda bo'lsa boshqa fayl tizimi, masalan, Dyuvey o'nli tizimi ishlatilgan bo'lishi mumkin. Siz Dyuveyning o'nli tizimini bilmasangiz nima bo'ladi? Siz faqatgina kitobning qanday nomlanishini bilasizu lekin qanday janrga tegishli ekanini bilmasangizchi? Bu holda qidirayotgan kitobimizni qanday topamiz? Baxtimizga bizga yordam beruvchi kutubxonachi bor. U kutubxonadagi mavjud kitoblarning ro'yxatidan kartalar katalogini yaratib qo'ygan va ushbu katalog yordamida qaysi kitobni qayerdan topish mumkinligini yaxshi biladi. Endi, doimiy xotira qurilmasiga kelsak, u kutubxonaga o'xshab ketadi. Xuddi kutubxona singari u turli fayl tizimlarga ega bo'lishi mumkin. Operatsion tizim esa kutubxonachiga o'xshaydi. U xotira qurilmasida mavjud fayllar kataloglaridan iborat kataloglar daraxtini (ba'zida uni sal boshqacha ma'noga ega bo'lgan "fayl tizimi" ham deyishadi) yaratishga imkon beradi. Baxtga qarshi, kompyuterlar bizning kutubxonaga o'xshab standartlashmagan. Kompyuterlar olamidagi har bir kutubxonachi yoki boshqacha aytganda, operatsion tizim o'zining fayl tizimiga ega va bir operatsion tizimning fayl tizimini boshqasi ko'pincha o'qishni bilmaydi. Bizning omadimiz bor, chunki Linuks ko'p qirrali operatsion tizim bo'lib, ko'pgina boshqa fayl tizimlari qatorida hatto Windows fayl tizimlarini ham tushunadi.

Qismlarga ajratish uchun reja

Linuksning har bir distributivi uni kompyuterning doimiy xotirasiga o'rnatishga bag'ishlangan qo'llanmaga ega bo'ladi va undan xotira qurilmasini qismlarga ajratish haqida ma'lumot topish mumkin. Lekin, ushbu qo'llanmalarda qismlarga ajratish jarayoni ko'pincha o'ta batafsil yoritiladi va bu holat Linuksni endi o'rganishni boshlayotganlarni chalkashtirib yuborishi mumkin. Agar siz bir paytning o'zida ko'pgina foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatadigan hamda turli xildagi dasturlar bilan ta'minlangan serverni kompyuter xotirasiga o'rnatishni rejalagan bo'lsangiz unda yuqorida aytilgan qo'llanmalarni yaxshilab o'qib chiqishingiz mumkin.

Bitta foydalanuvchi ishlaydigan desktopga kelsak bunda Linuksni o'rnatishga bag'ishlangan qo'llanmalardagi batafsil ma'lumotlarni o'qib chiqishingiz shart emas. Chunki personal foydalanishga mo'ljallangan desktoplar doimiy xotirani ko'p qismlarga ajratishni talab qiladigan murakkabliklarga ega emas. Turg'un ishlaydigan Linuksni o'rnatish uchun uchta qism yaratishni tavsiya qilamiz, ular: swap, root va home.

swap

Linuksni o'rnatishda birinchi bo'lib swap soxa (рус. раздел подкачки) uchun bitta qism yaratish kerak bo'ladi. Bu soxa doimiy xotira qurilmasidagi joy bo'lib, u virtual ishchi xotira sifatida ishlatilishi mumkin. Virtual ishchi xotira kompyuterga, unda yetarli darajada ishchi xotira (eng. random access memory (RAM); рус. оперативная память) bo'lmaganda ham, og'ir dasturlarni ishlashga majbur qila olish hamda o'ta murakkab vazifalarni bajarish imkonini beradi (sekin bo'lsada, lekin u ishlaydi). Ushbu swap soxaning talab qilingan o'lchami kompyuter fanatlari va xakerlar orasida e'tiqodiy tortishuv mavzusi hisoblanadi hamda u xaqida ko'p varaqli maqolalar yozilishi mumkin. Ko'pincha qo'llaniladigan usuldan foydalanamiz: kompyuteringizdagi ishchi xotiraning ikki baravarigacha o'lchamli swap qism yaratish yetarli.

root (/)

root qism (o'zb. o'zak, asosiy qism yoki katalog, yana root fayl tizimi deb ham atashadi) to'g'ri slesh (/) bilan aniqlanadi. U kataloglar daraxtining cho'qqisi bo'lib, unda Linuks va siz o'rnatgan barcha dasturlar joylashadi. Uni DOS yoki Windows dagi "C:" katalogga ekvivalent desa ham bo'ladi. Demak, ikkinchi bo'lib to'g'ri slesh / bilan aniqlangan asosiy katalog (root) uchun yangi qism yaratish zarur (siz bu qismni Linuksdagi root kabi hosil qilinadigan administrator xuquqli foydalanuvchi bilan chalkashtirmang, bu boshqa "root"!).

Ushbu / qismning o'lchami siz nimalarni o'rnatishingiz yoki nimani o'rnatishni rejalaganingiz bilan aniqlanadi. O'zingiz tanlagan Linuks distributivi xaqidagi qo'llanmani oching. Undan aynan shu distributiv uchun tavsiya etilgan eng katta xotira o'lchamini aniqlang. Xozirgi kunda (2017 yil, dekabr oyi) zamonaviy Linuks distributivlarning ko'pchiligi xotira qurilmasidan 7 Gb gacha o'lchamli joy talab qilishadi. Albatta, juda kichik xotira o'lchamiga o'rnatish mumkin bo'lgan disrtibutivlar ham mavjud. Ular maxsus vazifalarni bajarishga mo'ljallangan. Bizning xolda, ko'pchilik ishlatadigan zamonaviy Windows operatsion tizimiga raqabatdosh bo'ladigan, hatto undan ancha ko'proq imkoniyatlarga ega bo'lgan Linuks distributivini o'rnatish uchun kattaroq xotira soxasi talab qilinadi. Shu sababli doimiy xotira qurilmasida Linuksning o'zi uchun 10 Gb va kelajakda kerakli va qo'shimcha dasturlarni o'rnatishga 20 Gb joy ajratish yaxshi usul hisoblanadi. Shunday qilib, root katalog uchun umumiy xolda 30 Gb xotira soxasi ajratyapmiz. Agar xoxlasangiz bundanda kattaroq o'lcham ham berishingiz mumkin.

/home

Oxirida /home katalogi uchun xotirada qism yaratish zarur. Bu qismda foydalanuvchiga, boshqacha aytganda sizga tegishli barcha ma'lumotlar joylashadi. Ko'p foydalanuvchili Linuks desktopda barcha foydalanuvchilarning ma'lumotlari har bir foydalanuvchi uchun alohida tarzda shu katalogda saqlanadi. Ushbu katalogning vazifasiga e'tibor bersak taxminan Windowsdagi "My documents" katalogiga mos keladi. Lekin Windows operatsion tizimini anchadan buyon qo'llayotgan foydalanuvchilar (tajribali foydalanuvchilar) o'zlarining ma'lumotlarini saqlash uchun doimiy xotira qurilmasida ko'pincha "C:" diskdan tashqari yana "D:" mantiqiy disk ham yaratib olishadi. Agar shu holatni hisobga olsak, /home katalog ko'proq Windows operatsion tizimidagi "D:" mantiqiy diskka o'xshab ketadi. Bunda biz Windows operatsion tizimi "C:" ga o'rnatilgan deb faraz qilyapmiz.
Aslida /home uchun alohida qism ajratish shart ham emas. Agar /home uchun alohida qism ajratmasak u / (root) qismda avtomatik ravishda yaratiladi. Bu Windows operatsion tizimni doimiy xotiraga o'rnatishda yolg'iz "C:" disk (qo'shimcha "D:" disk yaratmasdan) ishlatilgan holatga mos keladi. Lekin, /home qismga doimiy xotira qurilmasidagi swap va / (root) qismlardan ortib qolgan bo'sh joyni to'laligicha ajratish juda yaxshi yo'ldir. Bu yerda ham, izoh uchun, yana o'sha mashhur Windows bilan qiyoslagan ma'qul. Yuqorida aytganimizdek, Windows foydalanuvchilari ko'pincha xotira qurilmasini "C:" va "D:" qismlarga ajratib, operatsion tizimni "C:" diskka o'rnatishadi, o'zlariga tegishli ma'lumotlarni "D:" diskda saqlashadi. Nega? Sababi, Windows operatsion tizimini ba'zida (ko'pincha desa ham bo'ladi) qayta o'rnatishga to'g'ri keladi. Bunday hollarda uzoq vaqt mobaynida foydalanuvchi tomonidan yig'ilgan 200 hatto 300 Gb hajmli qimmatli ma'lumotni saqlab qolish muammosi paydo bo'ladi. Chunki operatsion tizimni qayta o'rnatish jarayonida "C:" diskda yangi fayl tizimi yaratish talab qilinadi (formatlash). Nima qilish kerak? Qimmatli ma'lumotlarni boshqa xotira qurilmasiga ko'chirish kerak. Odatda, katta hajmli ma'lumotlarni bir xotira qurilmasidan boshqasiga ko'chirish uzoq vaqt oladigan jarayondir. Xulosa qilib aytish mumkinki, foydalanuvchi ma'lumotlarini "D:" diskda alohida joylashtirish ularni xavfsiz saqlash maqsadidan, ya'ni, xavfsizlik nazaridan kelib chiqadi.

Linuksga qaytadigan bo'lsak, /home uchun alohida qism ajratish Windows xolida foydalanuvchi ma'lumotlarini "D:" diskda, operatsion tizimdan alohida, saqlashga o'xshab ketadi va bu ma'lumotlarni xavfsiz saqlash imkonini beradi. Demak, /home katalog uchun alohida qism ajratish Linuksni qayta o'rnatishda foydalanuvchi ma'lumotlarini ortiqcha xarakatlarsiz xavfsiz saqlab qolish imkonini yaratar ekan. Balki o'quvchi ushbu satrlarni o'qigach, muallifni vahima solishda ayblar. "Ehtiyot bo'lsa, operatsion tizimni qayta o'rnatish zarurati yo'q" - deb o'ylash ham mumkin. Lekin, tajriba shuni ko'rsatadiki, hatto menman degan tajribali foydalanuvchilar ham ba'zida operatsion tizimni qayta o'rnatishlariga to'g'ri keladi va bunda albatta birinchi navbatdagi muammo ma'lumotlarni saqlab qolishdir.
Keling, so'zimiz so'ngida, paydo bo'lishi mumkin bo'lgan yana bir savolga javob qidiramiz. Bo'pti, Linuksni doimiy xotira qurilmasiga o'rnatish uchun swap, root, home qismlar ajratishga rozimiz, dersiz. Savol: ular qanday ketma - ketlikda joylashsin? Qaysinisi birinchi yaratilsin? Muallifning fikricha, ularni qanday ketma - ketlikda joylashgani unchalik muhim emas. Lekin, aytishlaricha: xotira qurilmasi boshlanish qismida tezroq chetga tomon sekinroq ishlash xususiyatiga ega emish va buni inson sezmas ham ekan.

Izoh: ushbu maqolani tayyorlashda muallif tajribasidan tashqari yana internet manbalaridan ham foydalanilgan va yo'l qo'yilgan xatolar uchun uzr.

linux swap xotira qism 3-Dekabr 07:20 3145

Nishonov Muxtorali Madaminovich - Texnoman foydalanuvchisi

Muallif haqida

Nishonov Muxtorali Madaminovich O'zFA Yadro fizikasi instituti


Qiziq bo‘ladi:


Birinchi bo‘ling!

Iltimos, fikr bildirish uchun saytga kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting!